×
Fransiyalik mashhur oshpaz Buxoro turizm texnikumi talabalari uchun mahorat darslari o‘tdi

uxoro turizm texnikumida umumiy ovqatlanish va servis yo‘nalishida talabalarga mahorat darslari o‘tgan Fransiyalik oshpaz Tiyeri Dezaga o‘zining ikki oylik faoliyatini yakunlab, Fransiyaga jo‘nab ketdi.

Oshpaz shu qisqa muddat ichida o‘z shogirdlariga Yevropa va milliy taomlarni tayyorlash sirlarini o‘rgatdi hamda yuqori servis xizmatlari sirlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tiyeri Dezaga bilan xayrlashuv kechasida talabalar ikki oy davomida undan o‘rgangan taomlardan namunalar taqdim etishdi.

«Yurtimga qaytyapman, ammo Sizlarni va bu dargohdagi barchani sog‘inib qolaman. Aminmanki, men o‘rgatgan bilim va ko‘nikmalar bilan siz sayyohlarni kutib olish maskanlarida mahoratingizni namoyish etasiz, yuqori servisning qanday ekanligini namoyon qilasiz. Gastronomiya sohasida yetuk kadrlar bo‘lib yetishasiz, bunga ishonaman!»- dedi Tiyeri o‘z talabalariga qarata.

Tadbir yakunida barcha talabalar fransuz oshpazidan sertifikatlarga ega bo‘lishdi. O‘z o‘rnida viloyat Turizm va sport bosh boshqarmasi mutasaddilari ham Tiyeri Dezagaga Buxoro sayyohlik salohiyatini aks ettiruvchi esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonda turizm xizmatlarini yaxshilashga qaratilgan bu kabi loyihalar davom ettiriladi.

 

Manba: xs.uz